Abiogenez
Abiogenez (yun. a– inkor qoʻshimchasi, bio… va genesis — kelib chiqish, paydo boʻlish) — tirik tabiatda mavjud boʻlgan organik birikmalarning organizm ishtirokisiz nobiologik yoʻl bilan hosil boʻlishi. Keng maʼnoda Abiogenez – tirik mavjudotlarning paydo boʻlishi, yaʼni hayotning vujudga kelishi haqidagi zamonaviy nazariyadir. Abiogenez toʻgʻrisidagi eng qadimgi tushunchalar juda sodda boʻlib, tirik mavjudotlar anorganik yoki organik oʻlik moddalardan oʻz-oʻzidan paydo boʻladi, degan farazga asoslangan edi. Tirik mavjudotlarning oʻz-oʻzidan paydo boʻlishi toʻgʻrisidagi tushunchalarga 1861-yilda L. Paster uzil-kesil zarba berdi. Ammo Abiogenez toʻgʻrisidagi zamonaviy nazariya organik moddalarning anorganik moddalardan sintezlanishi, pirovard natijada hayotning Abiogenez orqali paydo boʻlishini inkor etmaydi. A. I. Oparin va boshqa koʻpgina olimlarning fikricha, yerda hayot uzoq davom etgan kimyoviy jarayonlar natijasida Yer taraqqiyotining muayyan bosqichida paydo boʻlgan. Qadimgi geologik davrlarda Yerdagi sharoit (temperatura, atmosfera tarkibi, nurlanish) organik moddalarning Abiogenez sintezlanishi uchun qulay boʻlgan. XX asr oʻrtalarida oqsil va boshqa organik birikmalarning Yerning qadimgi geologik davrlardagi sharoitida abiogen yoʻl bilan sintezlanishi tajribada isbot etildi (qarang Hayot, Biogenez).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑
„Abiogenez“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (A-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |